Har Ishda Bir Hikmat Bor
....Kuni kecha O’zbekiston Milliy terma jamoasi 2014-yilda Braziliyda bo’lib o’tadigan Jahon Chempionati so’nggi saralash bosqichining 1-o’yinida Eronni qabul qildi. Bu uchrashuvni salkam 9 oy kutdik. Tog’ri raqib kimligini Fevral oyida bil...
Har Ishda Bir Hikmat Bor
Kuni kecha O’zbekiston Milliy terma jamoasi 2014-yilda Braziliyda bo’lib o’tadigan Jahon Chempionati so’nggi saralash bosqichining 1-o’yinida Eronni qabul qildi. Bu uchrashuvni salkam 9 oy kutdik. Tog’ri raqib kimligini Fevral oyida bilgandik lekin IV-bosqichga muddatidan ilgari chiqqanimizdayoq bu uchrashuvni barchamiz intizorlik bilan kuta boshlagandik. Hozir statistikalar bilan boshingizni og’ritib o’tirish niyatim yo’q. Ha, shu paytgacha dastlabki raundni g’alaba bilan boshlash nasib qilmagan; bu safar ham shu qora an’anadan qutulolmadik. Lekin bu haqiqatdan ham biz uchun shunchalik yomonmi? Quyida bu savolga noan’anaviy ravishda yondashishga harakat qilib ko’raman.
Birinchidan, o’yin biz uchun qiyin boshlangani bilan baribir 1-taymning o’rtalariga kelib yigitlarimiz ancha o’zlarini qo’lga olib Eronliklar jarima maydonchasida yaxshigina vaziyatlarga ega bo’lishdi. O’yinga batafsil to’htalib o’tirmoqchi ham emasman, mendan oldin bir necha O’zbek sport portallaridagi professional qalami o’tkir akalarimiz bu mavzuni to’liq ochib berishdi va xattoki mavzuni siyqasi ham chiqib ketdi. Yuqorida aytganimdek bu mag’lubiyat biz uchun qanday ahamiyatga ega ekanligiga urg’u bermoqchiman xolos. Amalda mag’lubiyat o’z ta’sirini juda tez ko’rsata boshlagani rost: shu paytgacha Vadim Karlenovichni ko’kka ko’targanlar bir zumda yerga urishdi. Nima emish, Abramov iste’foga chiqsin baribir jamoaga foydasi tegmayapti. Muxlislar, futbol muttasaddilari bu mag’lubiyatni yuraklariga juda yaqin olishdi va holatga kuchli reaksiya bildirishdi. Ozgina shashtlaridan tushib 1–2 kun qaror chiqarishdan o’zlarini tiyib turishganda balki bu o’zgarishlar bo’lmasdi lekin har narsada hikmat bor deydilar.
4-iyun tonggida ukamdan qo’ng’iroq bo’ldi, www.uff.uz saytida Vadim Abramov o’z arizasiga ko’ra ishdan ketgani va uni o’rnini O’zbek Maradonasi nomini olgan Mirjalol Qosimov egallaganini aytdi. To’g’risini aytaman shokka tushib qoldim. Abramov uchun hafa bo’ldim, ichimdan bir ovoz “shoshilmadikmikin” desa, bir tomondan Qosimov uchun hursand bo’ldim. Bu insonni barchamiz teng hurmat qilamiz. Vatan muxabbati Mirjalol akada boshqa futbol mutaxassislardan ko’ra ustunroq. Aytmoqchimanki, murabbiy almashuviga mani fikrim neytral. Abramov qolganida ham hursand bo’lardim, Qosimov kelsa ham qattiq havotirlanganim yo’q. Bugungi maqola bu mavzuni ham yoritmaydi, gap umuman boshqa joyda.
Yuqorida mashxur iborani aytib o’tdim: “Hamma narsada ham hikmati bor”. Biror narsaga erisholmadikmi demak hafa bo’lishga, o’zimizni koyishga biroz shoshilmaylik, chunki hech narsa bejizga bo’lmaydi. Hozir ba’zi muxlislar mani yozganlarimni o’qib tushunishmas, ahir 3 ochkodan o’z uyimizda maxrum qilishgani qanday qilib naf keltirishi mumkin? Qani hozirgi vaziyatni yaxshilab analiz qilaylikchi…
Tasavvur qiling, Odil Ahmedovning 72-daqiqada urgan goli inobatga olindi va g’alaba qozondik. Vadim Abramovning obro’si yanada ko’tarilar edi. Va eng muximi mudhish an’ana bartaraf etilib, 3 ochkoga ega bo’lardik. Keyinchi? Agar xabaringiz bo’lsa, Livan o’z uyida Qatarga uchrashuvni boy berdi, va 8-iyun kuni Bayrutda ketma-ket 2-uy o’yinini bizning jamoaga qarshi o’tkazadi. Livan o’z muxlislari ko’z oldida 2-bor mag’lubiyatga uchramaslik uchun tish-tirnog’i bilan harakat qilishadi. Va kamida 1 ochko olishga shay, bu aniq ammo endi vaziyat boshqa. O’zbekiston mag’lubiyatga uchradi, Qatar Livanni yer tishlatdi va Livan guruhda outsayder deb qaralgan jamoa. Buni Qosimov ham , futbolchilar ham yaxshi tushunib turishibdi. Eronga ohirgi sekundlarda tortiq qilingan 3 ochko Livanda qaytarib olinishiga shubha yo’q. Agar tasavvur qilganimizdek, bizning gol inobatga olinib g’alaba qozonganimizda bizga Livanda g’alaba erishish maksimal vazifa hisoblanmas va oxir oqibat Livan bizdan kamida 2 ochkoni tortib olgan bo’lar edi. 2 turdan keyin 4 ochkoga ega bo’lardik, lekin hozirgi nazariya bo’yicha 2 turda 3 ochko jamg’aramiz. “Ho’sh, buni nimasi yaxshi?” deyishga shoshilmang, analiz davom etadi.
Tasavvur qiling Odil Ahmedov goli inobatga olindi va biz 3 ochko to’pladik, Livan tish-tirnog’i bilan kurashdi va 1 ochkodan bo’lishib oldik. Lekin shu yilning 14-Noyabrida Eron jamoasi o’z uyida Toshkentda yo’qotilgan 3 ochko uchun o’ch olishlari haqiqatga yaqinroq bo’lardi va tepada sanab o’tilgan 3 ta o’yindagi to’plagan ochkolarimiz 4 taligicha qolardi. Yana hozirgi holatimizga qaytamiz. Mag’lubiyatni unutish uchun futbolchilarimiz Livanda 3 ochkolik bo’lib qaytadi, lekin bu qaqshatqich zarba battamom unutilishi uchun 14-Noyabry kuni Erondan o’z muxlislari ko’z o’ngida 3 ochkoni tortib olish suv va havodek zarur. Balki ba’zi muxlislar bunga shubha ortidan qarashar, lekin tan olaylik, Eron toshkentdagi o’yini bilan yaralangan sherni to’htatib qolishi amrimaxol. Agar futbol bu psixologiyaga chambarchas bog’liqligiga ishonsangiz unda, kechagi boy berilgan 3 ochko bizda 3 ta o’yindan keyin 6 ochko bo’lib qaytishiga ishonasiz (orada yana 2 ta o’yin bo’lib o’tadi lekin ularga to’htalib o’tirmaymiz). Demak, mag’lubiyatdan to’g’ri xulosa chiqaraylik, va bu o’yinni alamli onini unutmagan holda kelajakka umid bilan boqishda davom etaylik, zero 1-o’yinda hakam xatosi bilan boy berilgan 3 ochko ohir-oqibat bizga Braziliya eshiklarini ochib bersin, xar bir ishda hikmat bor, azizlar.