24 Yilda 24 Dars — FikrBank
24 Yilda 24 Dars
Chop etildi Muallif: Xurshidbek (Fikrbank) Kun: 8-May, 2012 Bo`lim: Munosabat |
Haftaning shanba kuni edi. Butun jahon “Radio” kunini nishonlayotgan bir paytda Rossiya Novaya Zemlyada o‘zining yadroviy qurolini sinab ko‘rdi. Oradan bir kun o‘tib, Fransua Mitterend Fransiya prezidenti etib saylangan edi. Yana bir voqea sodir bo‘ldi, men tug‘ildim. Tug‘ilganimdan to ushbu maqolani yozayotgan vaqtimgacha 210417 soat o‘tibdi. Yoshim 24ga yetibdi. 24 yilda o‘rganganlarimdan 24 tasini shu maqolada bitishga harakat qildim.
- Ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko‘rmas ekan. (Garchi ba‘zan buni tushunmagan bo‘lsam ham, 24 yilda anglab yetdim)
- Maktabdagi sevgi o‘tkinchi.
- Kimnidir sevib qolib uni boshqalarga doston qilsangiz, sizning ahvolingiz kulguli.
- Birinchi marta qilayotganda ovqatni san‘at darajasiga chiqara olmaysiz. Takrorlash muhim.
- Ming urinsangiz ham hamma sizni birdek yoqtirmaydi.
- Bandasiga yoqishga urinish aslida befoyda.
- Maktabdagi o‘qituvchilar va ustozlar hurmatini joyiga qo‘yish kerak.
- Insonni bir yo‘nalishda yashashga undaydigan va normativlarni belgilab beradigan aslida bu oiladagi tarbiya va dindir.
- Chetda ming ko‘p pul topib, yaxshi sharoitda yashasangiz ham baribir tug‘ilgan Vatanga yetmas ekan.
- Ko‘pchiligimiz o‘zimizning manfaatlarimizdan kelib chiqib ish qilamiz.
- G‘oya va fikrlarni kishilar bilan baham ko‘rish foydali ish.
- Hayotdagi eng yaqinlaringiz odnoklassniki yoki facebookda emas.
- Har bir hikoyani 3 tarafi bor. 1-shaxs, 2-shaxs va haqiqat.
- Muhabbat to‘ydan keyin bo‘ladi degan gap to‘g‘ri.
- Sizning hayotingiz va undagi har bir narsaga siz javobgarsiz.
- Noumid shayton.
- Inson boriga shukur qilmog‘i lozim. Qarishni sekinlashtiradi.
- Yangi narsalarni o‘rganishdan bir zum ham to‘xtamaslik kerak.
- G‘am chekishdan foyda yoq. Lekin g‘am chekish sizni harakatga boshlasa bu boshqa gap.
- Google deyarli barcha narsani biladi.
- Doimo tabassum bilan qarash muomalani osonlashtiradi.
- Musofirlik maktabda o‘tilmagan ko‘p narsani o‘rgatadi.
- Yigit kishi uchun yig‘lash kuchsizlik emas. Lekin qachon yig‘lashni bilish buyuk fazilatdir. (Bo‘lar bo‘lmas narsalarga yig‘lash kerak emas deyilmoqda.)
- Xudo bandasini sinaydi. Zulm qilmaydi.