Ummon Muxlislari — Tushkunlikdagi Yoshlar
Ummon Muxlislari — Tushkunlikdagi Yoshlar
“Mani odnoklassnikimga kuniga 300 talab SMS, sanlarga esa 1 oyda 1ta ham yo‘q!” — “Ummon” Guruhi
31-yanvar kuni Toshkentdagi “Megaplanet” savdo markazida “Ummon” guruhining ilk albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Albomning nomi nima, hozirgacha nechta sotildi, qanday qo‘shiqlar bor — bularga to‘xtalmoqchi emasmiz. Achinarli tomoni — odam juda ko‘p keldi, yoshlar ko‘p keldi. Garchi “Madaniyat” va “San’at” niqobi ostida targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa-da, borgan sari yoshlarni ma’naviy qashshoq qilayotgan o‘zbek shou-biznesining bugungi ayanchli ahvoli haqida ham gapirmoqchi emasmiz. Shou-biznesning umumiy ahvoli bu alohida mavzu. Bugun gapirmoqchi bo‘lganlarimiz — aynan “Ummon” guruhi va ularning o‘zbek yoshlariga bo‘layotgan ta’siridir. Sababi, tan olamiz, ular bugungi kunda o‘sib borayotgan yosh avlod o‘rtasida mashhurroq, qo‘shiqlari ko‘proq tarqalib borayotganidir. Yoki maqolani hozirgi shou-biznesning ko‘rinmayotgan ayanchli oqibatlari haqida deb ham tushunishingiz mumkin.
“Ummon” muxlislari “Megaplanet“da
Shaxsan “Ummon” guruhi va undagi yigitlarga adovatimiz yo‘q. Biz ularni inson sifatida ukamiz deb xurmat qilamiz. Bizni o‘ylantirayotgan tarafi – ularning ijodlari va tinglovchilariga, jamiyatga bo‘layotgan ta’sirlaridir. Guruhning barcha qo‘shiqlarini tahlil qilishga bizda imkoniyat yetmasa-da, quyida ularning ba’zi qo‘shiqlarini keltiramiz. Agar siz “Ummon” muxlisi bo‘lsangiz, gaplarimizni ko‘nglingizga og‘ir olmangda “5 Daqiqa Sukunat” paytida o‘ylab ko‘ring.
“Mani odnoklassnikimga kuniga 300talab SMS, sanlarga esa 1 oyda 1ta ham yo‘q!” deb aytilgan guruh qo‘shig‘idan ulardagi saviyani tushunib olish qiyin bo‘lmaydi. Saviya borasida gap yuritish ortiqcha, “Ummon” dan tashqari boshqa e’zozlanadigan qo‘shiqchilarning qo‘shiqlari, kerak bo‘lsa, bundan past. Achinarlisi, ularga muxlislarning topilayotganligi. Musiqa matniga e’tibor berib-bermay tinglanilayotganligi.
“Qalbim to‘rida o‘zga inson, lekin sizga aytmayman, sizga bo‘lgan hislarim so‘ngan, lekin tushuntira olmayman. Yana bugun qo‘ng‘iroq qilib shirin-shirinim deyman, go‘shakni qo‘ygandan keyin esa ortiq o‘ylamayman. Garchi bo‘lsa-da shirin so‘zlar yolg‘on, baribir sevaman, mayli mandan vos kechgan bo‘lsang hamki sevaveraman. Garchi bo‘lsa-da shirin so‘zlar yolg‘on baribir sevaman, mayli mandan vos kechgan bo‘lsang hamki sevaveraman.”
“Ummon”ni boshqalardan farqlab turadigan narsa bu ularning tinglovchilarini yoshi juda yoshligi ham emas (ko‘pchiligi 1-sinfdan 9-sinfgacha va kollej talabalari). Rayhon, Shahzodalarning ham aksariyat muxlislari bundan yuqori yoshda emas, menimcha.
“Ummon”ni boshqalardan birdan bir farqi – guruh deyarli uzluksiz tarzda kishilarni g‘amga botiradigan kuylarni kuylashidir. Buni qo‘shiqlar nomidan ham bilib olish qiyin emas: “Unuta olmasman”, “Xiyonat”, “Sevaveraman”, “Ojiz sevgi” va ro‘yxat uzoq davom etadi. Shunchalik ko‘p qo‘shiq kuylab tashlashgan. Masala shu darajagacha borganki, qo‘shiq nomlari sabablar qidirishga o‘tadi - “Qanday unutding?”, “Otang ayirdi” va “Uyqisizman”.
Ular shunday kuylaydilar:
“Sokin tun Angladim bugun Uni yo‘qotdim Yo‘qotdim butkul … Aytgin tun nedur gunohim menga aytgin tun Sevmasdan sevdim demagandi u So‘z berib so‘zlarimda qoldim ku Qasam ichib aldadi u”
Qo‘shiqlarning barchasida guruh o‘zlarini yigitliklarini unutib yig‘lamsirab kuylaydi. Mavzu bitta – qiz bola ularni aldab ketgan yoki xiyonat qilgan. Bulardan “ruhlangan” o‘zbek yoshlari esa, kerakli narsalar ustida bosh qotirish o‘rniga, Jo‘ravoy akani molxonasidagi buzoqdek ko‘kragini zaxga berib yotadi. Quyida guruhning rasmiy (agar rasmiy bo‘lsa) sahifasida muxlislar qoldirgan izohlardan keltiramiz. Bundan tashqari boshqa “havaskor” sahifalarda ham shunga o‘xshash izohlar talaygina.
“Ko‘zlarimdagi bu yosh, Urib koka uchgan-da Qaytib kelarsan bir kun Men ozgani quchganda”
Shu o‘ringa bir kishining hazil tariqasida (balki chin) aytgan gapi yodga tushadi.
“Ey Xudo, “Ummon”ni olib, Xojiboyni qaytarib ber!”
Boshqalarga o‘lim tilash yomon. Shu sabab yuqoridagi gapni ijod haqida deb aytilgan deb tushunilsa to‘g‘ri bo‘lardi. Ya’ni, “Ummonning ijodini olib, Xojiboynikidek ijoddan ber!”.
Masalaning eng achinarli tarafi esa, tinglovchilarning aksari hali yigirmaga ham kirmagan yoshlar ekanligidir. Tanbeh bersangiz, “Aka siz tushunmaysiz-da!”, deb hayotdan siqilib qo‘yadigan yoshlar paydo bo‘lmoqda. Hayotda kuchga to‘lib borishar ekan, bor qobilyatlarini o‘qishga, yangi maqsadlar sari izlanishga sarflash o‘rniga “Ummon” yoki boshqalarning ayriliq haqidagi xonishlarini tinglab tobora tushkunlikka tushishmoqda. Bizga yoshlarni shijoatga chaqiradigan qo‘shiqlar kerak. Ularni bir qizni deb hezalakdek yig‘lab yurishi, yoki bir yigitni deb oilasidan kechib qo‘yishi jamiyatimizga foyda keltirmaydi. Ota-onalariga, do‘stlariga va, eng muhimi, O’zbekistonga tushkun kayfiyatdagi, pessimist yoshlar emas, balki teran fikrlaydigan, qandaydir bir o‘tkinchi tuyg‘uni deb yoshliklarini havoga uchirmaydigan og‘il va qizlar kerakligini yoshlarimiz tushunib yetmoqlari lozim.
“Ummon” guruhi, siz bu masalada davlatimizga yordamchi bo‘ling. “Vatan” kabi qo‘shiqlaringizni ko‘paytiring. Ungacha esa siz faqat yoshlarning vaqtlarini “qorong‘u xayol uyi”da o‘tkazishga yoki ko‘chada mp3 eshitib, bo‘lgan va bo‘lmagan qayg‘uli o‘tmishlarini eslashga ko‘maklashyapsiz, xolos. Shu yo‘nalishda ketsangiz, bizda ham tez orada “Goth”lar paydo bo‘lishi aniq.
“Gotlar (Goths) to’dasi”
- Aloqador so`zlar
- birinchi albom
- rayxon
- shaxzoda
- shou biznes
- shou biznes ummon
- Ummon
- ummon mp3 qo'shiqlari
- ummon qanday unutding
- ummon taqdimoti
- ummon va yoshlar