“Hozir 5 Daqiqada Boraman” Yoxud HBS Haqida
..Albatta har bir odamning bu dunyoda vaqti chegaralangan ekan, hech kim sizni kutish uchun ortiqcha vaqtini sarflagisi kelmaydi. Va keyingi safar uchrashuv belgilaganingizda yoki biror bir ish yuzasidan ayni o\'sha kishilar bilan hisoblashishingizg...
“Hozir 5 Daqiqada Boraman” Yoxud HBS Haqida
Albatta har bir odamning bu dunyoda vaqti chegaralangan ekan, hech kim sizni kutish uchun ortiqcha vaqtini sarflagisi kelmaydi. Va keyingi safar uchrashuv belgilaganingizda yoki biror bir ish yuzasidan ayni o’sha kishilar bilan hisoblashishingizga to’g’ri kelganda ular sizga ko’p ishonch bildirishmaydi.
Bugungi maqolamiz hozirda ko’p tarqalib borayotgan kechga qolish yoki “hozir boraman sindromi” (HBS) kasalligi haqida. U daxshatli kasallik. O’zimizga ma’lum, ko’pchiligimiz turli odamlar bilan muloqotda bo’lamiz. Do’stlarimiz davrasida vaqtimizni ba’zan ma’noli, ba’zan ma’nosiz o’tkazamiz.
HBSni siz yaxshi bilasiz. Deylik, do’stingiz bilan uchrashuv belgiladingiz. Uchrashuv vaqti va joyi tayin. Siz yo’lga chiqishdan oldin yana bir bor do’stingizga sim qoqib ishonch hosil qilmoqchi bo’lasiz. “Hozir 10 daqiqada o’sha yerda bo’laman” degan javobni olgandan keyin, xotirjam bo’lib manzilga otlanasiz. Lekin do’stingiz belgilangan vaqtdan kamida yarim soat kechikib boradi. Bu yarim soat davomida sizga “hozir boraman” degan javob smsi kamida 5 marta keladi. Axir boshqani vaqti bilan ham hisoblashish kerak! Ularning vaqti ham huddi siznikidek qadrli. Albatta, kishilarda qandaydir favqulodda holat yuz berishi yoki muhimroq ish chiqib qolishi mumkin. Bunday holatlarda esa oldindan ogohlantirish talab etiladi. Quyida oddiy misol keltirilgan.
Ikki inson orasida bo’lib o’tgan voqea.
- Do’sim men keldim (aytilgan joyga), kelyapsanmi? Qachon ko’rishamiz? - Bo’ldi, hozir avtobusdaman o’rtoq. 5 daqiqada o’sha yerda bo’laman. - Voy, qanaqasiga? Axir men seni uy telefoninga qo’ng’iroq qilyapmanku?
Bunga o’xshash voqealarni o’z hayotimizda ko’plab kuzatamiz va ayrim vaziyatlarda ishtrokchisiga aylanamiz. Lekin buning oqibatlarini o’ylab ham ko’rmaymiz.
“Hozir boraman sindromi” yoki HBSning yomon oqibatlari quyidagilar.
- Yaqinlaringiz ishonchini yo’qotasiz
- Bu sizni biznes olib borishga layoqatingiz pastligini ko’rsatadi
- Bir zumda yolg’onchiga aylanasiz
- Do’stlaringiz kelajakda sizning fikrlaringizni yuqori baholashmaydi
- Do’stlaringiz va dugonalaringiz o’rtasida martabangiz pasayadi
- Siz o’griga ya’ni vaqt o’g’risiga aylanasiz
Bunday holatlar faqat uchrashuvlarda kuzatilmaydi. Balki telefon qo’ng’iroqlariga javob berayotganda ham bu kasallikni kuzatish mumkin. U vaziyatda “Hozir 5 daqiqada qilib yuboraman” qabilidagi javob bo’ladi. Undan so’ng esa, boshqa ishlarga chalg’ib qo’ng’iroq qilishni unutamiz.
Bunday kasallikdan qutilishning yo’li oson. Uning uchun:
- Imkoniyatingiz yetmasa, va’da bermang.
- Agar haqiqatdan ham qandaydir ish sababli ushlanib qolsangiz, oldindan ogoxlantiring.
- Telefon qo’ng’irog’ini qabul qilgandan so’ng “Hozir 5 daqiqada qilib yuboraman” deb javob berish o’rniga siz “5 daqiqada qaytib qo’ng’iroq qila olmaysizmi?” deb javob bering. Boshqa ishga chalg’ib qolsangiz, hijolat chekmaysiz.
Agar shularga amal qilsak, Xudo hohlasa jamiyatimiz yanada yaxshilanishiga, odamlar orasida bir biriga ishonch yanada ortishiga hissa qo’shgan bo’lamiz. Barchamiz bir birimizning vaqtimizni bir hil qadrlamog’imiz lozim.
*- Odat so’zi o’rniga mavzuning muhimligini ko’rsatish uchun “kasallik” so’zi ishlatildi.
** — Maqola, yaqin do’stlarimdan biri Qamariddin taklifi bilan yozildi.