Ma’naviy Qo‘poruvchilik yoki Ta’lim Tizimini Barbod Qilishning G‘alati Dasturi

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Yaqinda Belarusning “Obrazovanie.by” saytida Dmitriy Sandakov ismli bir qalamkashning ta’lim tizimini barbod qilishning qo‘poruvchilik dasturiga bag‘ishlangan maqolasini o‘qib qoldim. Muallifning mulohazalari yuzaki qaraganda biroz ishonarsiz va bahsli tuyulsa-da, lekin ko‘plab mamlakatlarda bu holatning mavjudligi Sandakovning ko‘pchilik bilgan va tan olgan chin haqiqatni qalamga olganini tasdiqlab turardi. U shunday yozadi: “Davlatlarning ta’lim sifatini pasaytirishga qiziqishi mumkinligi haqidagi g‘oya aslida yangi topilgan gap emas. Buni yaqinda Vladimir Jirinovskiy (Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi – Ahmad Muhammad izohi) ham Davlat Dumasida baralla ta’kidlab o‘tdi: “…agar barqarorlikni xohlaydigan bo‘lsak, ta’limni jilovlab qo‘yishimiz kerak. Mabodo ta’limni taraqqiy ettiradigan bo‘lsak, unda o‘zingizni halokat chohiga otgan bo‘lasiz. Bu haqda o‘ylab ko‘ringlar”. Ayni paytda oddiy insoniy ahmoklikdan ko‘ra “fitna nazariyasi”ga ishonish hamisha qiyinroq ko‘rinadi”.

Maqola muallifi uni yozishda rossiyalik fantast yozuvchilardan aka-uka Strugaskiylarning “To‘lqinlar shamolni o‘chiradi” asaridan ilhomlanganini aytadi. Mazkur kitobda tasvirlangan kelajak Yerida progressor (taraqqiychi) degan kasb tilga olinadi. Ana shu progressorlar Yerdagiga qaraganda kamroq taraqqiy etgan tamaddunlarga (sivilizatsiyalarga) yashirincha kirib olib, jamiyatni kerakli yo‘nalishdagi taraqqiyotga yo‘naltirib yuboradi. Bir kuni qaysidir progressorning miyasiga shunday fikr kelib qoladi: “Agar Yerda ham ko‘proq taraqqiy etgan tamaddunlarning progressorlari yashirincha harakat qilib yurgan bo‘lsa-chi? Bu holda ularni topish kerak! Lekin qanday qilib? G‘oya muallifi boshqa sayyoralarning progressorlarini aniqlashning uch bosqichli uslubini taklif etadi: birinchidan, aytaylik, ularning haqiqatan mavjudligini taxmin qilib ko‘ramiz. Ikkinchidan, ularning maqsadini o‘rganib, nima qilmoqchiligini faraz etib ko‘ramiz (ularning o‘rnida biz nima qilgan bo‘lardik). Uchinchidan, bizlarning taxminlarimiz bilan Yerdagi haqiqiy voqealar o‘rtasidagi o‘xshashlikni izlaymiz. Shundan keyin kitobda ushbu uslubni qo‘llash tarixi bayon qilinadi, ana shu uslub yordamida progressorlarning yashirin to‘dasi fosh qilinib, zararsizlantiriladi.

Agar Strugaskiylarning bu uslubi ta’lim tizimiga muqoyasa qilinsa, ko‘z oldimizda g‘alati manzara namoyon bo‘ladi. Go‘yo sovetlardan keyingi ulkan hududda regressorlarning (progressorlarning aksi) katta bir to‘dasi bemalol faoliyat yuritib, ularga SSSR paytida tarkib topgan ta’lim tizimini barbod qilish vazifasi yuklanganday tuyuladi. Endi o‘zingiz bir tasavvur qilib ko‘rish lozim: o‘sha regressorlar buning uchun nimalar qilishi mumkinligi haqida bosh qotiraylik va haqiqiy hayotdan buning o‘xshash tomonlarini izlab ko‘raylik. Buning uchun esa maqola muallifi xuddiki regressor niqobiga kirib olib, ta’lim tizimini barbod qilishning dasturini, ya’ni qisqacha qo‘poruvchilik rejasini ishlab chiqadi. Bularning haqiqiy hayotdagi voqealar bilan o‘xshashligini topish va xulosalar chiqarish esa o‘quvchilarning o‘zlariga havola etiladi.

Shunday qilib, maqola muallifi ishlab chiqqan oliy o‘quv yurtlari misolida ta’lim tizimini barbod etishning dasturi yettita banddan iborat ekan:

1. Muallimlarning ijodiy ruhiyatini kamsitish.

Sovetlarning bir “dohiysi” “Kadrlar hamma narsani hal qiladi” degan bo‘lsa-da, oliy o‘quv yurtlarining kadrlari bundan ham ko‘proq narsalarni hal qilishardi. Oliy ta’limdagi muallimlarning fidoyiligi shundaki, ular maoshning ozligiga, jazo olish yoki haydalib ketish qo‘rquvlariga parvo qilmay, ular o‘z vazifalarining o‘ta muhim, kerakli ekanini his qilgan holda ishda jonbozlik ko‘rsataveradilar. Endi qanday qilib ularning g‘ayratini so‘ndirish, ruhini cho‘ktirish, ishdan hafsalasini pir qilish mumkin. Buning bitta yo‘li bor: u ham bo‘lsa ularni fidoyiligini, ijodkorligini kamsitish orqali ularning jo‘shqinligini so‘ndirish. Ularni shunchalar kamsitish kerakki, muallimlarda o‘zlari xizmat qilayotgan tuzumga nisbatan qattiq alamzadalik, nafrat uyg‘onsin. Odatda fidoyi, mehnatkash odamlarga xos bo‘lgan adolat tuyg‘usiga o‘chlik bunday paytlarda o‘zining qora ishini qilib bo‘ladi: ana shu fidoyilar o‘zlarini nohaq kamsitgan tuzumga avvalgiday shavq-zavq bilan xizmat qilishdan soviydilar. Bunday holatlar yaqin o‘tmishimizda bizda ham keragicha topilardi: suhbatlarda novvoy, duradgor, kosib, sartarosh kabi oddiy hunarmandlar oliy ma’lumotli muallimlarga qarata: “Domla, institutda besh yil o‘qib, oyiga qancha maosh olasiz?”, “Sizning bir oyda mashaqqat bilan topgan maoshingizni men bir haftada ortiqcha jon koyitmay topa olaman”, “Bunaqa kichik maoshni diplomsiz ham topsa bo‘ladi-ku!” degan zaharxanda malomatlar qilishganida ustozlarning javob topolmay g‘amgin yerga boqqanlari kechagiday esimizda.

Ustoz-muallimlarni kamsitish oddiy ta’na-malomatlar chegarasidan chiqib, ularning butun hayot tarzini ham qamrab olgan edi. Bu narsa ayniqsa ularga belgilangan oylik maosh, boshqa nafaqa va to‘lovlarga ham ta’sirini o‘tkazgan. Professor va dotsentlarning oylik maoshlari odatda yukchilar, g‘aznachilar va farroshlarniki bilan tenglashtirib qo‘yilgandi. Shunday qilganda, birinchidan muallimlarning obro‘-maqomi jamiyat ko‘z o‘ngida pasaytirlgan bo‘ladi. Ikkinchidan, ular kamsitilavergani uchun tuzumga nisbatan alamlari ortadi. Shu tariqa ularning sha’n-obro‘si yerga urilib, maoshda professor-doktorlar farrosh maqomiga tenglab qo‘yiladi. Hali bunisi ham holva ekan: oliy o‘quv yurtlarida ilm ahlini kamsitishning boshqa usullari ham joriy qilingan. Masalan, yozishga yoki yozuvlardan nusxa ko‘chirishga qog‘ozning yetarli berilmasligi, hatto hojatxona qog‘ozi, darsliklar, printer uchun kukun, printer, kompyuter kabi asboblarning tanqisligi ham muallimlarni xo‘rlashning sinalgan usullaridan edi. Mazkur holatlarga duch kelgan professor bu kabi jinniliklarga toqat qila olmay yo sevgan ishini tashlab ketadi, yo kasbini o‘zgartiradi (o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida muallimlarning gurras-gurras otchopar bozoriga yo‘l olishganini eslang), yoki hafsalasi butunlay pir bo‘lib, boshqa yurtga ko‘chib ketish rejasini tuza boshlaydi.

2. Muallimlarni obro‘sizlantirish.

Bozor iqtisodiyotiga o‘tish chog‘ida boshqa iqtisodiy muammolar qatori muallimlarning ijtimoiy maqomiga ham katta putur yetkazildi. Boshqa yurtlardagi kabi bizning mamlakatimizda ham yaqin o‘tmishda ustozlarning daromadi otalarining tekin puliga kekkayib yurgan “boyvachcha” talabalarnikidan bir necha baravar kam bo‘lgani uchun ular o‘rtasida katta iqtisodiy va ma’naviy jarlik paydo bo‘lib qolgandi. Bu esa o‘sha talaba nazarida “qashshoq” muallimga nisbatan muhabbat emas, ochiq nafrat, hech bo‘lmaganda achinish tuyg‘usini uyg‘otgani aniq. Mana shunday tengsiz bir holatda talaba ana shu nochor ustozning o‘rgatganlarini nazarga ilarmidi, o‘gitlarini quloqqa olarmidi? Bunday holatda bilim berish jarayonining samaradorligi ham sariq chaqaga arzimay qoladi.

3. O‘quv jarayonini rasmiyatchilikka aylantirish.

Ota-bobolarning bir gapi bor: miyasiga har xil bema’ni fikrlar kelmasligi uchun bolani hamisha biror narsaga mashg‘ul qilib qo‘yish kerak. Bu mashg‘ulotning qanchalik kerak yoki keraksizligining ahamiyati yo‘q, bola doimo nimadir bilan band bo‘lsa kifoya. Oliy ta’limda ham, maktablarda ham bu qoidaga qattiq amal qilinadi, muallimlarni hamisha keraksiz, bema’ni ish va mashg‘ulotlarga jalb qilib turiladi. Bu maktab partalarini bo‘yashmi, o‘quv yurti hovlisi yoki atrofini supurib-tozalashmi, daraxt va gullarni parvarishlashmi yoki talabalarni biror tomoshaga olib borishmi, paxta terishga yuborishmi, xullas ustozlarning ta’lim jarayoniga halaqit beradigan qandaydir ish bilan muntazam band bo‘lib turishlari bu boradagi yozilmagan qonunlardan sanaladi.

Ta’lim jarayoniga zarar beradigan boshqa usullar ham ko‘p. Hozirgi paytda qaysi oliy va o‘rta maxsus ta’lim yurti, qaysi maktab muallimi bilan gaplashmang, o‘zlaridagi befoyda qog‘ozbozlik, hujjat to‘ldirish, bir necha xil konspekt yozishlarning ko‘pligidan, dasturlarning yiliga ikki marta almashishidan fig‘onlari falakka chiqayotganlariga guvoh bo‘lasiz. Eng qizig‘i, ana shu hech kimga kerak bo‘lmaydigan konspekt, ish qog‘ozi va hisobotlar har yili yangilanib turadi, o‘tgan yilgisini ishlatish mumkin emas. Qog‘ozlarga ko‘milib ketsa ham, keraksiz hisobotlarni yozish uchun qimmatli vaqtini va sog‘ligini boy bersa ham maoshini oqlash uchun talabalarga nimadir o‘rgatish payida bo‘ladigan muallimlarning sabru bardoshiga qoyil qolasan, kishi. Eng dahshatlisi, ana shu hisobotlarni yuqori idoralarga yetkazish muddati hamisha rosa tang bo‘ladi: yo bugun, hech bo‘lmagandan ertaga yetkazish kerak. Ustoz bunga ulguradimi, yozgan hisobotini biror kishi o‘qiydimi yoki bularning ta’lim jarayoniga qanday foydasi tegadi, bunday fikrlar bilan hech kimning ishi yo‘q.

4. O‘quv jarayonini erkinlashtirish.

Odam bolasi o‘z tabiatiga ko‘ra ancha tanbal, ishyoqmas bo‘ladi. Shu bois insonni biror yangilikka o‘rgatish ko‘p hollarda qattiq qarshilikka uchraydi. Shuning uchun bunda kuch ishlatish barcha samarali ta’lim jarayonlarining ajralmas qismidir. Agar ustoz shogirdining chinakam kamolga erishishini istasa, uni tinimsiz mashg‘ulotlar bilan band qilib qo‘yadi. Yakkakurash janglari va sportning ayrim turlarida tinimsiz mashq qilganlargina ko‘zlagan natijalariga erishadilar. Ta’limning sifatini pasaytirish uchun esa eng maqbul yo‘l o‘quv jarayonini iloji boricha erkinlashtirish, talabaning istagi asosiga qurish kerak bo‘ladi. Talaba ancha dangasa xalq bo‘lgani uchun bu narsa unga moyday yoqib tushadi. Maktab va ota-onasining nazoratidan chiqib olgan va nazoratning boshqa tizimiga tushib ulgurmagan talaba mashg‘ulotlarni osongina tark etib qo‘yaqoladi. O‘quv jarayonini erkinlashtirish asosan leksiyalarga erkin qatnash, ustozlarni talabalarning o‘zlari tomonidan tanlashi, imtihon va “zachyot”larni behisob tarzda qayta topshirish imkoniyati, o‘qishdan haydashning nihoyatda kamligi, ba’zan umuman bu dahmazadan tamoman qutilish kabi ishlar hisobiga olib boriladi. Bu borada yana turli tanlovlar (masalan, Quvnoqlar va zukkolar bahsi, turli joylarga sayohatlar, go‘zallik va kasb tanlovlari), mashhur kishilar bilan uchrashuv kabi tadbirlar ancha qo‘l keladi.

5. Aqliy muhitni buzib tashlash.

Bu mavzuda so‘zlashdan oldin bir savol bermoqchimiz: nima uchun olimlar turli anjuman va simpoziumlarga borishni yoqtiradilar? Vaholanki, u yerda ilmiy muammolarni hal etishdan ko‘ra ko‘proq maishatbozlik va ko‘ngilochar tadbirlar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keladi. Bu shuning uchunki, mazkur anjumanlardan olimlar aqlliroq bo‘lib qaytishadi. Yuzlab aqlli odamlarning bir joyga to‘planishi sababidan bir joyda ajoyib “aql maydoni” yaratilishi mumkin, ana shu maydon ichiga kirib qolgan odamlar boshqalarning ko‘z o‘ngida aqllari to‘lishib, yaxshi g‘oyalarni kashf etishlari mumkin. Biroq ana shu aqliy maydon past darajadagi tebratishlar ta’sirida osongina parchalanib ketishi mumkin. Ana shu maydonga o‘n nafargina ovsar odamni qo‘shib yuborish bilan uni tamoman barbod qilib tashlash mumkin. Agar o‘sha ovsarlar ko‘proq bo‘lsa, ular o‘z telbalik maydonlarini yaratishadi va bu undagi odamlarning yanada ovsarlashuviga olib keladi. Ana shunday natijalarga erishish uchun oliy o‘quv yurtlariga iqtidorsiz, telba, madaniyatsiz, jangari odamlarning qabul qilinishiga qo‘yilgan to‘siqlarni yo‘q qilib tashlash kerak. Buning uchun oliy o‘quv yurti muallimlariga o‘zlaricha talabalarni tanlab olishlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularga salohiyatli yoshlarning kirib qolishining oldini olish, ko‘proq yomon o‘qiydiganlarni qabul qilish kerak bo‘ladi. Ushbu maqsadga erishish uchun esa qabul qilinadigan talabalar soni nihoyatda ko‘paytirib yuboriladi. Talabalarning ko‘pligi byudjetdan qo‘shimcha mablag‘ talab qilmasligi uchun ortiqcha talabalar o‘qish pulini o‘zlari to‘laydigan bo‘lishadi, muallimlar soni ko‘paytirilmaydi, balki dars hajmi oshiriladi.

6. Rahbar kadrlarni tanlash.

Ta’lim tizimidagi yuqori rahbarlik mansablariga bu vazifalarga javob bera olmaydigan odamlarni tayinlash kerak. Agar ular to‘g‘ri tanlansa, tizimning tezda barbod bo‘lishi kafolatlanadi. Ta’lim tizimidagi rahbarlik lavozimlariga eng avvalo hamkasblari orasida obro‘si bo‘lmagan va hurmat qozonmagan odamlar qo‘yiladi. Ikkinchidan, bunday vazifalarga eti qotgan “xo‘jalik odamlari”ni qo‘yish kerakki, ular aslo ishni yaxshilashda ma’lum fikr egasi bo‘lishmasin. Uchinchidan, bunga o‘rtamiyona, iqtidorsiz va yutuqlarga erishmagan kadrlar qo‘yiladiki, ular homiylariga butunligicha va to‘la itoatkor bo‘lishni, ichki sirlarni asrashni biladigan bo‘lishadi. Bundaylar odatda kaltabin, ammo o‘ziga ishonchi katta, yolg‘ondakam faol, qo‘rqoq, e’tiroz bildirmaydigan, ochko‘z kimsalar bo‘lishadi.

7. Bo‘yab-bejab ko‘rsatish.

Ta’limni barbod qilish dasturi jamoatchilikning qarshiligiga uchramasligi uchun uni bo‘yab-bejab ko‘rsatish lozim. Bunda eng yaxshi vosita yolg‘onchilikdir. Ijtimoiy ruhshunoslikning ta’lim berishicha, yolg‘on qanchalar dahshatli bo‘lsa, unga ishontirish shunchalik oson kechadi. Odamlar o‘zlarini yomon odamlar (dushmanlari) sezdirmasdan, mayda-chuyda narsalarda aldashlariga ko‘proq ishonishadi, ammo o‘zlaridan chiqqan yaxshi odamlarning surbetlarcha, ko‘tarasiga aldashlariga uncha-muncha odam ishonmaydi. Boshqalarni ishontirish uchun matbuot orqali tizimni yangilash, islohotlar o‘tkazish, innovatsiyalash kabi zamonaviy cho‘pchaklar bilan axborot shov-shuvi tashkil qilish, jamoatchilik e’tiborini ikkinchi darajali masalalar bilan chalg‘itish, ishga aslo foyda bermaydigan turli islohotlar o‘tkazish zarur bo‘ladi. Masalan, besh balli baholashni o‘n balli qilish, o‘qitish muddatini to‘rt yillikdan besh yillikka yoki aksincha qilish, bakalavrlik, magistrlik, kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitish kabilarni avval joriy qilish, so‘ng ulardan voz kechish, yozgi ta’til muddatini ko‘paytirish yoki kamaytirish kabi foydasiz ishlarga zo‘r berish lozim. Bu kabi ikkinchi darajali yangiliklarni joriy qilish muallimlarning faol qismiga yomon ta’sir qilib, ularning ishdan hafsalasini pir qiladi.

Dmitriy Sandakovning fikricha, mazkur dastur besh-o‘n yilga mo‘ljallangan. Ana shu muddatdan keyin u aksincha natija berishni boshlaydi, ya’ni oliy o‘quv yurtini bitirganlarning o‘zlari maktab va boshqa o‘quv yurtlarida dars berishni, darsliklar yozishni boshlab yuborishadi. Shundan keyin ta’lim tizimining chirishi ortga qaytarib bo‘lmaydigan va o‘z-o‘zini qo‘llash sifatlariga o‘tib bo‘ladi. Muallif maqolasi oxirida fikrlarini isbotlash maqsadida bir necha aniq dalillarni ham keltiradi: Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev oliy o‘quv yurtlarining 140 ming muallimini ishdan bo‘shatgan; Belarusda professor futbolchidan yuz baravar kam maosh oladi; Belarus ta’lim vaziri “maktablardagi qog‘ozbozlik bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin”, degan; Belarusda bir talabaga Yevropa Ittifoqiga qaraganda yetti baravar kam mablag‘ sarflanadi va hokazo. Bu ma’lumotlarga e’tiroz bildirish esa insofga to‘g‘ri kelmaydi.

Ahmad MUHAMMAD

www.azon.uz sahifasidan olindi.

Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!