Mirzabek Japaqovga: Sizning Enangiz Kimdan Tarqagan?

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Ushbu maqola Upost da chop etilgan Mirzabek Japaqovning haqoratomuz maqolasini o’qib yozildi.

Hurmatli Mirzabek Japaqov,

Bahslarda “kirill tomon” mag‘lub bo‘layotganini his qildingiz shekilli, lotinni yoqlaganlarni “enasidan” kelishni boshladingiz. Shaxsiyatga o‘tdingiz. Sizga ham xuddi shu masalada savol qoldirmoqchiman. Kiril tarafdorlari kirilldan tarqagan bo’ladimi sizning mantiqingiz bo’yicha, yoki sovetlardanmi? Sizning gaplaringiz ham shunday jarangladi: Go‘yoki enasi lotindan bo‘lganlargina bu yozuv tarafda turgandek. Siz 17,000,000 insonni shaxsiyatiga ochiqchasiga tegishni boshladingiz. Davlat lotin grafikasiga o‘tish qarorini qabul qilayotganda qayerda edingiz? Yoki ajnabiy yoki hozirgi ko‘cha tili bilan aytganda, o‘sha paytda “duxingiz” yetmaganmidi? Yoki maqolangiz “buyurtma” maqolami kimlardir tomonidan?

Yaponiya va Xitoyni misol qilib keltiribsiz? O‘zingiz misol qilib keltirgan analog-solishtirish siyosiy jihatdan absurdligini his qildingizmi? Qolaversa, siz ming yillardan beri shakllanib kelayotgan, mustamlaka natijasida o‘zgarmagan va hozirgi kunga kelib, to‘liq shakllangan alifbosiga emas (!), logografik skriptiga ega mamlakatlarni misol qilib keltiryapsiz. Yaponiyada, qariyb 70 yildan beri “romaji” amalda. Bu yapon irogliflarini lotin alifbosida ifoda qilishdir. Lotin alifbosi, bog‘chalardan boshlab o‘rgatiladi va romajini bilmaydigan yapon topa olishingizga yaponlar ham ishonmaydi. Shular haqida izlanib ko‘rmabsizda? Aytgancha, chuqurroq izlanish uchun lotin alifbosini va ingliz tilni bilish lozim-ku. Kirill alifbosida Yaponiya skriptlari tarixi haqidagi saviyali maqolani topish mushkulroq. Bu tarafi hayolimga kelmabdi. Uzr.

Qo‘shimcha tariqasida, siz aytayotgan mamlakatlarda, o‘z yozuvlari allaqachon Yaponlikni, Chinlikni anglatadigan belgiga aylanib ulgurgan. Bu masalaning siyosiy, milliy va mafkuraviy tomoni. Har qancha chiranmang, pasportingiz yuziga qarasangiz, avtomobil davlat raqami deysizmi, 2001-yildan keyin muomalaga kiritilgan 5000 so‘mlikmi, 10000 so‘mlikmi, farzandingiz yoki nabirangiz o‘rgating deb ko‘tarib kelgan kitobmi, hamma hammasida lotin yozuviga duch kelaverasiz. Chunki jadid bobolarimiz ishlatgan lotin grafikasi mustaqil O‘zbekiston yozuvi sifatida butun xalq va shu jumladan sizning ongingizda ham gavdalanib bo‘lgan. Sal kechga qolmadingizmi kirillga o‘taylik deyishga? Yoki yana so‘rayman, kimdir “buyurtma” qildimi maqolani?

Maqola so’ngida savol: Qaysi buyuk o’zbek asari lotin alifbosiga o’girilmagan?

Xurshid Maroziqov
Telegramda

Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!