Talabalikka qabul qilinmadingizmi? SMS keldimi? Xush kelibsiz!

T
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Siz bugungi imtihon natijalar bo‘yicha rasman “talaba” bo‘la olmadingiz. Tabriklayman. Oxirigacha o‘qing! Keyin rahmat aytasiz.

Sizning oldingizda uch hil yo‘l bor:

Birinchisi (ko‘pchilik boradigan yo‘l) – Xudoning taqdiriga rozi bo‘lmasdan, o‘zingizdan xafa bo‘lib yurishingiz mumkin. Yoki erisha olmagan narsangizga xunobingizni oshib, umringizni yeyishingiz va ota-onangizni ham yuraklarini siqib, ularning ham umrlari zavoli bo‘lishingiz mumkin. Shuni xohlasangiz, bemalol.

Ikkinchi yo‘li – agar o‘zingizga ishonsangiz, “ko‘rsatilgandan yuqori ball to‘plaganman” -degan fikrda bo‘lsangiz, DTM ga borib, appelyatsiyaga berishingiz mumkin. Bilmadim sizga bu qanchalik samara beradi. Lekin uchinchi yo‘l ham bor. Biz sizga shuni taklif qilamiz.

Bu oxirgi 3-yo‘lni yaxshilab o‘qib tafakkur qiling. Sizni nimaga qodir ekanligingizni 108 dona test savoli ko‘rsatib bermaydi. Qandaydir 108 dona test savoli sizni kelajakda kim bo‘lishingizni belgilab bermaydi. Bular Xudoning ishi. Kelajakda muvaffaqiyatga erishmoqchimisiz? Xudo harakatingizga qarab beraveradi. Uning uchun 1-avgust, 2017 yilda talaba bo‘lish shart qilinmaydi. Balki siz uchun, 2018-yili talaba bo‘lish inoyat qilingandir. Biz bilmaymiz, Xudo biladi.

Masalan, o‘zim ham O‘zbekiston diplomiga ega emasman. Oilam bor, baxtliman, moliyaviy mustaqillikka erishganman, alhamdulillah. Yuzlab bolalarga ta’lim beradigan o‘quv-tarmoq egasiman, Xudoga shukur. Davlat xususiy tadbirkorlik uchun mendan diplom talab qilmaydi. Yana bir misol, yaqin do‘stlarimdan biri bor, u ham o‘qimagan hech qayerda. Umuman hech qayerda o‘qimagan va hayotda o‘z yo‘lini topgan, juda ham baxtli inson. Men erisha olmagan baxtga ham erishgan. Yaqinda ota-onasini muqaddas safarga olib borganini hikoya qilib berdi. Bunday baxt yo‘q. Buning uchun unga diplom kerak bo‘lmadi. Bu oddiy ikki misol. Ikkalamiz ham oddiy oila farzandlarimiz, ikkalamizning ham ota-onalarimiz vaqti kelganda qiyinchiliklar bilan katta qilishgan.

Qolaversa, salomatligingiz haqida qayg‘uring. Har bir yo‘qotilgan asabingiz tolasi qayta tiklanmaydi. O‘zingizga bo‘lgan ishonchni o‘zingiz pastlatib yubormang. Ota-oangiz va atrofdagilar yuziga yana ham ishonch bilan qarang. Ayb ish qilgandek qaramang. Shundoq ham siqilib turgan, sizni o‘ylab ichini yeb yuborgan ularga sizning tabassumingiz dalda bo‘ladi. Ularga hozir chiqib kulib qarang! Shunday qilsangiz, siz albatta muvaffaqiyatga erishasiz. Qanday farzand tarbiya qilganlarini ko‘rishsin! Xudoni taqdiriga rozi bo‘ling va harakatdan to‘xtamang! Agar shularga rozi bo‘lsangiz, tabriklaymiz! Siz “Muqobil baxtlilar” klubiga qabul qilindingiz. Afsuski bu klubga talabalik baxtiga erishganlarni taklif qila olmaymiz. Klubimiz taniqli a’zolari bunga yo‘l berishmaydi. Klub Mark Zukkerberg (facebook asoschisi), Tomas Edison (ixtirochi), Abraham Linkoln (Amerikaning eng mashhur prezidenti) kabi oliy o‘quv yurtida o‘qimagan mashhurlar bilan to‘lib qolgan. Birdona joyimiz qolgan, sizga ilindik. Klubimizga a’zo Uchinchi yo‘ldan ketasizmi?

Xurshid Maroziqov,

2017-yil, 15 Avgust.

Kanalimga qo‘shiling,

https://t.me/fikrbank

Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

1 ta mulohaza

Fikrbank Facebookda

Oxirgi Maqolalar

Bo’limlar