Shuhrat Rizayev, Lotin Alifbosi va 17 Million O’zbeklar

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!
Bugungi kunda ba’zilarga lotin alifbosi mana shu tarzda ko’rinmoqda.

Shu yilning 10-Avgust kuni “Kitob Dunyosi” ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy gazetasida adabiyotshunos Shuhrat Rizayevning “Prezidentimizga Maktub” sarlavhasi ostida Prezidentga murojaati e’lon qilindi. Buni “maktub” deb atash to‘g‘rimi yoki noto‘g‘riligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda alohida bahs yuzaga keldi.

Mark Tvenning ajoyib gapi esga tushadi: “Sizga qisqa va lo‘nda maktub yozish uchun menda vaqt kam edi, shuning uchun sizga uzun xat yozdim”. Chunki yaxshi yozuvchi har bir yozadigan jumlasini ikki marotaba o‘ylab ko‘rib, kamroq so‘zlardan foydalanib tuzadi. Shuhrat Rizayev o‘z maktublarida oz emas, ko‘p emas, 3,570 dona so‘zdan foydalanganlar. Naqd 10 varaq. Qarsakbozlik va maddohlik qilish Prezident tomonidan tanqid ostiga olinib, “5 yil qarsak chalmaymiz” – deb turilgan bir davrda, bitilgan maktubning aksar qismi ayni shu buyruqqa teskari boradi. Xatning asosiy qismi mustabid tizim davridek maqtov yog‘dirish bilan boshlanadi, ko‘rsatilgan muammolarga konstruktiv yechimlar keltirilmaydi.

Endi ushbu xat muallifi ko‘targan masalalardan biriga qaytamiz. Shuhrat Rizayev garchi boshqa madaniy masalalar haqida gapirgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda bu kishining faqat kirill alifbosiga qaytish haqidagi takliflari muhokama bo‘ldi. Shuhrat akaning fikrlarini quyida keltirib, ularga o‘zimning munosabatimni bildirib o‘tsam. (Garchi ba’zi fikrlarim takror bo‘lsa ham, yana yozishga qaror qildim.)

SH.R.: Shu bilan bog‘liq yana bir o‘ta muhim va g‘oyat og‘riqli muammo bor. Bu — joriy alifbomiz masalasi. Bugun 25 yoshgacha bo‘lgan farzandlarimiz lotin alifbosi asosidagi yozuvda savod chiqarib, undan foydalanyapti. Katta yoshdagi hamyurtlarimiz esa kirill yozuvidagi alifboda mutolaa qiladi va ish yuritadi. Mana, uchinchi o‘n yillik to‘lib boryaptiki, ko‘pchilik hanuz lotin yozuviga moslasha olmayotir.

Bunga asosiy sabablardan biri, siz rahbarlik qilayotgan tashkilot va unga o‘xshaganlarning qonunchilikka labbay deb javob bermagani emasmi? Shuncha yil o‘tib ketdi. Nima sababdan hali ham jurnalingiz aralash alifbolardan foydalanib nashr qilinadi, to‘liq kirill yoki to‘liq lotinda emas? Siz chiqaradigan gazeta va jurnallar nega lotinda o‘qiydigan jamoatchilikni qamrab olmagan? Nomiga nashr nomini lotinda qilib qo‘ygansizlar. Bugun lotinda savod chiqarganlar siz maktubda keltirgandek 25 yoshgacha bo‘lganlar emas, balki 29-30 yoshdagilarni ham qamrab oladi. Mundi indeksiga ko’ra, bu mamlakatimizda yashayotgan 17 milliondan ortiq jon demakdir.

SH.R.:Qolaversa, lotin alifbosi, mutaxassislar fikricha, tilimiz tabiatiga unchalik muvofiq emas.

Qaysi mutaxassis, qachon va qaysi manbadan aytgan bu gaplarni? Jadidlar shu masalada lotin alifbosiga o‘tib, xato qilishganmi? Kirill alifbosi bizning til tabiatiga yaqinligini o‘sha “mutaxassislar” aniqlashibdimi?

SH.R.: Binobarin, u yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Shu bois ommalashmayotgan alifbodan ommaviy axborot vositalari ham, nashriyotlar ham nihoyatda kam foydalanyapti.

Takomillashtirish haqidagi fikrlar to‘g‘ri. Lekin, OAVlarning faydalanmasligiga bu asos bo‘la olmaydi.

SH.R.: Maktab va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari kutubxonalari lotin yozuvida bo‘lmagan adabiyotlarni fondlariga olmaydi. Natijada – bu kutubxonalar g‘aribu qashshoq, yoshlarimiz yonib targ‘ib qilinayotgan kitobxonlik va mutolaa madaniyatidan bir tosh narida!

Albatta olmaydi-da! Qanaqasiga olsin! Axir qonunchilikda lotin deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa. Yetarli ishlanmagan ularni lotin yozuvida yetarli adabiyotlar bilan ta’minlash uchun. Qolaversa, so‘ngi paytda lotin yozuvida bosilgan kitoblarning soni keskin o‘sib bormoqda. Bu, eski sovet tarafdori bo‘lgan odamdan boshqa hammani quvontirmasdan iloji yo‘q.

SH.R.: Istiqlolimizning dastlabki yillari “Yosh gvardiya” yoki “O‘zbekiston SSR” nomi bilan nashr etilgan neki kitob bo‘lsa, u Alisher Navoiymi, yo Abdulla Qodiriy qalamiga mansubmi — farqiga bormay mahv etganlari kabi, undan avvalroq alifboni uch bora o‘zgartirib (arab, lotin, kirill), xalqimizni savodsiz etganlaridek johilona ish tutishlar millatimiz tarixi va taqdirida xunuk va zararli iz qoldirishi tayin.

Siz nima qilyapsiz bu taklifingiz bilan? Alifboni to‘rtinchi marta o‘zgartirib, sho‘rolar qilgan ishni qilmoqchimisiz? Yoki 17 million Vatan kelajagi bo‘ladigan yoshlar foydalanadigan, mustaqilligimizning qaysidir ma’noda ramziy timsoli – lotin alifbosidan voz kechdirmoqchimisiz? 17 million yoshlar va kelajakni bepisand qilish uchun qanchalar xudbin bo‘lish kerak? Kelajak deb hisoblanayotgan nano-texnologiyalar, kompyuter dasturlari, xalqaro belgilar bitiladigan lotin yozuvini ikkinchi darajaga tushirib, foydalanish doirasi undan 11 barobar kichik va torayib borayotgan kirill alifbosiga yana qaytib nima naf topasiz? To‘rt devor atrofida o‘tirib fikrlash davri o‘tdi, bugun yoshlardan global darajada o‘ylash talab qilinmoqda. Shunday ekan, ular global yozuvdan foydalanishlari darkor.

SH.R.: Biz ham lotindan kirill alifbosiga o‘tilgan davrdan to shu kungacha sakson yillik madaniy tariximizni farzandlarimizga keraksiz bir mulk o‘laroq qoldirmaylik. Fursat o‘tmasidan kirillni — asosiy, lotinni ikkinchi alifbo sifatida qonunlashtiraylik.

Sakson yilda qoldirilgan asarlarni tishga bosadiganlari lotin yozuviga o‘girib bo‘lindi. O‘tkazilmaganlari bo‘lsa, siz kabi marifatparvarlar yoshlar kelajagi uchun o‘sha qolib ketgan asarlarni ham lotin yozuviga o‘girishda tashabbuskor bo‘lmog‘ingiz darkor emasmi? Hech bo‘lmasa siz bong urayotgan kelajak uchun.

Bugungi kunda mamlakatimiz yangi tarixni boshdan o‘tkazmoqda. Unda ba’zi bir sovet davridan qolgan eskicha qarashlarga o‘rin yo‘q. Laganbardorlar mum tishlagan davr. Hammadan ishlash talab qilinmoqda. Shu sabab, ishdan qochmasdan, qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan yozuvning targ‘iboti uchun bel bog‘laylik. Uni chetga surish yaramaydi, qaysi yozuvda qolishni bir adabiyotshunos emas, xalq hal qiladi.

Hurmatli Shuhrat aka,

Aytgancha, payti kelganda kichik bir maslahat, mutaxassisligimdan kelib chiqib. Tarqatma materiallarni ingliz tiliga o‘girishda tajribali tarjimon yollash kerak. Chunki, “Jahon Adabiyoti” jurnalisizlar. Undagi xatolar jurnal obro‘si uchun to‘g‘ri kelmaydi.

Nima uchun lotin yozuviga o‘tishimiz kerakligi haqida avvalgi maqolam bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Fikrlari o‘qilish va tarqalish adadi “Jahon Adabiyoti” jurnalidan ancha ko‘p bo‘lgan kishilarning mavzu yuzasidan xatingizga munosabatini bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Hurmat ila,

Xurshid Maroziqov,

Tadbirkor va blogger.

Telegram Kanalimiz:

https://t.me/fikrbank

Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

One Reply to “Shuhrat Rizayev, Lotin Alifbosi va 17 Million O’zbeklar”

Comments are closed.