O’rmonchi Hikoyasi: Tajriba

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Kanada o‘rmonlarga boy davlat. Daraxt kesuvchilar (lumberjack) o‘rtasida bu yerda musobaqalar tashkil qilinadi. Shunday musobaqalarning birida, yosh yigitga yoshi undan ancha kattaroq kishi raqib bo‘ladigan bo‘ldi. Musobaqa shartlari oddiy edi. Ertalabdan kechgacha kim ko‘p daraxt ag‘darsa, shu odam g‘olib. O‘zlariga ajratilgan kichik o‘rmonni ikki tomonidan daraxtlarni aralashga tushishdi. Daraxtlarning “qarsillab” sinishlari quloqqa chalinar edi. Yosh yigit e’tibor bersa, narigi tomondan kelayotgan daraxtlarning sinayotgan shovqini har 1-2 soatda bir oz muddatga tinib qolayotgan edi. “Raqibim dam olyapti, men shundan unumli foydalanishim kerak ” – deb yosh yigit dam olmasdan daraxtlarni kesishda davom etadi. O‘zining musobaqada g‘olib bo‘lishiga ishonchi yana ortgan yigit bir zum ham dam olmay, daraxtlarni ag‘daradi. Nihoyat quyosh botishi boshlanib, shom vaqtida musobaqa hushtagi yangraydi. Sovrin qabul qilgani qatnashchilar yaqinlashayotganlarida, yosh yigitning g‘olib bo‘lishiga ishonchi komil edi. Ammo hakamlar e’lon qilgan natija uni esankiratib qo‘yadi. Yoshi katta o‘rmonchi g‘olib! Axir qanaqasiga? Borib kesilgan daraxtlar sanalganda, ko‘proq daraxtni darhaqiqat yoshi kattaroq kishi kesgani ma’lum bo‘ladi.

– Amaki, mendan ancha kattasiz. Meni esa kuch quvvatga to‘lgan davrim. Sizdan baquvvatman. Siz dam olayotgan vaqtingizda, men to‘xtamasdan daraxt kesdim, umuman dam olmadim. Qanday qilib mendan ko‘p daraxt kesdingiz? – deb so‘radi yosh yigit.

Tajribali o‘rmonchi javob qildi:

– O‘g‘lim, men odatda har soatda dam olib, arramni o‘tkirlab olaman.

Xulosa o‘rnida shu narsa keladi: Tajriba doim o‘z so‘zini aytadi. Buni ko‘pchiligimiz yaxshi anglashimiz kerak. Bir sohada mutahassis bo‘lish, u sohada ozroq kitob o‘qib, mustaqil fikr bildirish bilan emas, balki o‘sha sohada tajriba to‘plash bilan bo‘ladi. Yaxshi sohalarning tajribali insonlari ko‘paysin!

Xurshid Maroziqov,

11-Avgust, 2017 y.

Ovozli Shaklda Ko'chirib Olish (3 MB)
Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!