Bizning Abdulloh

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!
Abdulloh yaxshi bola. Uni hamma yaxshi ko‘radi. “R”ni to‘g‘ri talaffuz qila olmasligi ham yarashadi o‘ziga. Otasi uni birinchi marta masjidga olib borganda 5 yosh edi. Otasi masjidning tahoratxonasida uni oldiga chaqirib, tahorat qanday olinishi o‘rgatmoqchi bo‘lganida, Abdulloh “Dadajon, man o‘zi bilaman!”, – deb hozirjavoblik qilgan.

— Qayerdan bilasan, o‘g‘lim?, — dadasi ko‘zidagi yoshlarini yashirishga harakat qildi.

— Qayeydan? Telvizoyni ustidagi muqovasi yiytilgan kichkina kitobchada boy-ku! Yasmlayidan ko‘yib o‘ygandim!

O‘shanda dadasining ko‘ziga nega yosh to‘lganini tushunmagan Abdulloh. Shunaqa bizning Abdulloh, hammani yig‘latib yuradi.

Masjidda domlaning “Insonlarga yaxshilik qilinglar!” degan gapi Abdullohning esida qolgan. O‘sha paytlari u og‘ir kasallikdan endi tuzala boshlagan edi. Mana, endi bir yil o‘tib, opasi Hadicha ham shunaqa kasal bo‘lib yotibdi. Do‘xtirlarning aytishicha, opasiga Abdulloh qon berishi kerak ekan. Chunki uning qonida kasallika qarshi kurashuvchi immunitet shakllangan ekan.

— Opanga qon berasanmi, Abdulloh?, – so‘radi muloyimlik bilan hamshira.

— Ha, men yig‘lamayman! O‘g‘il bolaman. Opamga beysam beyoyaman!, — kattalarga o‘xshab gapirgandek tuyildi o‘ziga.

Abdullohni opasining oldiga yotqizishdi. Abdullohning jajji ko‘zlari opasining yuziga rang kirishi bilan quvnab ketdi. Keyin birdaniga yuzini xafalik va qo‘rquv bosdi. Qo‘rqib ketidi Abdulloh. Buni kuzatib turgan hamshira so‘radi:

— Ha, Abdulloh?

— Endi men o‘lamanmi? – dedi Abdulloh qo‘rqib.

Chunki bizning Abdulloh butun tanasida necha litr qon bo‘lsa, shuni hammasini opasiga berish kerak deb tushungan edi. Hamshira ko‘ziga yosh oldi. Shunaqa bizning Abdulloh, hammani yig‘latib yuradi.

***
Mana Abdulloh 7 yoshga kirdi. “R”ni ham bemalol aytyapti. Uning g‘ijimlangan pullari bor. O‘zi turadigan ko‘p qavatli uyning pastida “Muzqaymoq” degan joy bor. Bir marta dadasi Abdullohni opasi bilan birga olib kirgan. Abdulloh, g‘ijim pullari qo‘lida, “Muzqaymoq”ga kirdi. Xuddi dadasiga o‘xshab oyna oldidagi stolga o‘tirdi. Ofitsiant qiz Abdulloh o‘tirgan stolga yaqinlashdi.

— Nima buyurasiz, yigitcha?, – dedi kulimsirab.

— Sariq muzqaymoq nech pul?, – so‘radi Abdulloh menyudan rasmni ko‘rsatib.

— 3 000 so‘m.

Abdulloh g‘ijimlangan pullarini stol ustiga yoyib, shiftga qarab hisobladi. Bu orada ofitsiant qiz besabrlik bilan:

— Puling yetmasa ertaga kel.

— Oq oddiysi nech pul?

— 2 000 so‘m – dedi qiz, “Bo‘ldi, endi tuyog‘ingni shiqqillat!” degandek.

— Shundan olib keling opa.

Ofitsiant qiz muzqaymoqni olib kelib, stol ustiga hisob-cheki bilan birga qo‘ydi va “ship-ship” etib ketib qoldi. Abdulloh muzqaymoqni paqqos tushirib, chiqib ketdi. Ofitsiant qiz stol ustiga kelib, 3 000 so‘mni ko‘rdi va tashqariga chiqishga ulgurgan Abdullohga oynadan qaradi. Ko‘ziga yosh oldi. Chunki Abdulloh, xuddi dadasiga o‘xshab, choy haqi uchun 1 000 so‘m qoldiraman deb, sariq muzqaymoq yemagan ekan. Shunaqa bizning Abdulloh, hammani yig‘latib yuradi.

***

Hozir Abdulloh men bilan yashaydi. Ukam va xotini avtohalokatga uchrab, olamdan o‘tgandan so‘ng, ikki farzandini o‘z qaramog‘imga olganman. Opasini yaxshi, Xudoni tanigan ishbilarmon bolaga berdik. Ular hozir Dubayda. Abdullohni, mana siz bilan Amerikaga o‘qishga kuzatyapmiz, – dedi amakisi ko‘ziga yosh olib.

Eh Abdulloh, hammani yig‘latib yuradi.

Xurshid Maroziqov,
2014 yil.
  1. Hikoya ichida muallifi nomalum hikoyalardan foydalanildi.
Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!