Biznes: Akula Tajribasi. Siz Akula Emassiz.

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Kitoblar ko’paymoqda. O’zbek tilida. Tishga bosadiganlari ham bor, bir tiyinga qimmatlari ham bor. O’zim kitob chiqarib bu industriyadagi past balandlarni ozroq bilgandek bo’ldim. Hozirgi kunda tez boyish sirlari, muvaffaqiyat kaliti va shunga o’xshash mavzularda kitoblar juda ommalashib ketdi. Ba’zi mualliflar (Deyl Karnegi, Napoleon Hill kabilar) insonlarni o’zida ishonch hosil qilishga chaqirib, altruistik g’oyalarni ilgari sursa, qolganlari  (Robert Grin, Tim Ferris va boshqalar)  makiyavelicha qarash bilan muvaffaqiyat cho’qqisiga chiqishga ishontirmoqchi bo’ladi. Karnegi “Odamlarga samimiy bo’ling!” desa, Grin “Odamlardan ehtiyot bo’ling, sir boy bermang!” deydi. Qisqasi hammani o’zining uslubi bor. Ommabop kitoblar haqida alohida bir mavzu ko’taramiz, post yozamiz kelajakda, nasib qilsa.

Hozir hikoya qilmoqchi bo’lganim, muallifning qarashidan, sohasidan qat’iy nazar, ko’pchilik self-help motivatorlar keltiradigan hikoya. Voqea Amerikalik dengizshunos biolog tajribasi bilan boshlanadi. U katta akulani hovuzga tashlaydi va uning harakatlarini o’rganishni boshlaydi. Avvaliga, akulaning o’zini havzada yolg’iz qoldiradi. Keyingi kuni, dengizshunos olim maydaroq baliqchalarni akula turgan hovuzga tashlaydi. Tabiiyki, akula ularni bir zumda yeb qo’yadi. Bu voqealar bir-ikki kun davom etadi.

Karnegi “Odamlarga samimiy bo’ling!” desa, Grin “Odamlardan ehtiyot bo’ling, sir boy bermang!” deydi.
Keyinroq, havzaning o’rtasiga shaffof tolali oyna to’siq (EN: fiberglass, RU:стекловолокно) qo’yiladi. Bir tomonida akula yashaydi, boshqa tarafda mayda baliqlar. Tajribaning birinchi kuni, dastlabki urinishdayoq akula qattiq zarb bilan oynaga borib uriladi. Azob chekishiga qaramasdan, bu holatni tez-tez takrorlayveradi. O’zini borib oynaga uraveradi. Olimning kuzatishlariga qaraganda, tajribaning keyingi kunlarida akula borgan sari o’zini kam oynaga uradigan va baliqchalarga kamroq hujum qiladigan bo’ladi.  Va nihoyat, dengizshunos olim (marine bioligist) to’siqni olib tashlashga qaror qiladi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, to’siq yo’q bo’lishiga qaramasdan, akula baliqchalarga hujum qilmay qo’yadi. Chunki u hali ham o’sha to’siq mavjud deb biladi va baliqlarni yeyish uchun harakat ham qilmaydi.

Ko’pchiligimiz shu akulaga o’xshab qolganmiz, bir ishni boshlash uchun xohishimiz, niyatimiz bor. Lekin, ba’zi bir ko’rgan, eshitgan to’siqlarimiz yoki kamchilik va muammolarimiz yana shu ishni qilishdan bizni qaytarib turadi. Aybni o’zimizdan soqit qilib, muvaffaqiyatsizligimizni boshqa unsurlar – “qog’ozbozlik”, “adolat”, “pul” va ho kazolarga bog’laymiz va yechim qidirmaymiz. Xatolarimizni ko’rmaymiz.

Shaxsan o’zim bilgan bir misol – hozirgi kunga kelib, ko’zga ko’rinib qolgan fast-fud restoranlar tarmog’i “Les Ailes”dir. Bu brend qisqa muddatda shu darajaga yetmadi. Avvaliga muvaffaqiyatsiz chiqqan 1-2 urinishlardan keyin to’xtab qolinmadi va to’g’ri yondashuv bilan hozirgi kunda o’n bir dan ziyod “Les Ailes” brendlarini o’z ichiga oluvchi fast-fud va pizza tarmog’iga aylandi.

Yaxshi niyatlar bilan bir ishni boshlamoqchimisiz, maslahatlarga quloq bering va ozroq tavakkal ham qiling. Chunki ko’pchiligimiz uchun to’siqlar xuddi shu akulada bo’lgani kabi hayoliy to’siqlardir.

 

Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!