Balandparvoz Shukurov yohud Idris Shoh Maslahati

Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Agar sizda jurnalist bo’lish orzusi bo’lsa yoki shu haqida bosh qotirayotgan bo’lsangiz, sizga bir yaxshilik qilaman. Anchadan beri ochmoqchi bo’lgan sirni ochaman. Bu sirli usul sizni bir zumda nufuzli ro’znomalar va informatsiyon ko’rsatuvlarda ish boshlashingizni ta’minlaydi. Bugun kayfiyatim yaxshi bo’lganligi sababli, bu usulni siz bilan bepul baham ko’rmoqchiman. O’zini 100% oqlaydigan ushbu “tryukdan” foydalanib, hozirgi kunda juda ko’pchilik katta-katta ro’znomalarda yuqori lavozimlarda ishlab yuribdi.
Ishga kirishingizdan oldin, sizga biror bir maqola yoki tahliliy ko’rsatuv tayyorlashingizni aytishadi. Vaziyatni qo’ldan boy bermasdan, sizga berilgan topshiriqdagi “parametr”larni quyidagi to’rt burchak qavslar ichiga qo’yib chiqing. Demak boshladik:

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar albatta kishini quvontirmay qo’ymaydi. Istiqbolda belgilab qo’yilgan vazifalarni bajarish uchun joylarda tegishli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. [VILOYATINGIZ_NOMI] Vatanimizning eng so’lim, sanoat izchil rivojlanayotgan go’shalaridan biri hisoblanadi. Bularga o’z ko’zimiz bilan guvoh bo’lish maqsadida [TUMAN_YOKI_SHAHAR_NOMI]da bo’ldik. Hozirda bu yerda [UMUMIY_AHOLI_SONI] aholi istiqomat qilib, [KORXONA_NOMI]da [MEHNAT_QILAYOTGAN_ODAMLAR_SONI] nafar yigit va qizlar javlon urib xizmat qilishmoqda. Yaratilgan qulayliklardan ular juda minnatdor…
Shu yeriga kelganingizda, o’zlari sizni to’xtatishadi va qachondan ish boshlashingiz mumkinligini aytishadi. Aytgancha, o’zingizga taxallus tanlashni unutmang.

Hurmat bilan,
Balandparvoz Shukurov Qarsakbozovich

Shu o’rinda jon kuydirib mehnat qilayotgan, vaziyatni to’liq tahlil bilan adolatli yoritayotgan jurnalistlarga va OAVlarga rahmat aytmoqchiman. Lekin, qolganlarchi? Vaziyatga odilona baho berish qanchalik qiyin ish? Agar shu narsani Davlat rahbari xohlasachi? Umid qilamizki, Balandparvoz Shukurovga o’xshaganlar ham o’zlariga yetarlicha xulosa chiqarib, Xalq dardi va manfaati yo’lida mehnat qilishni boshlaydilar.

“Agar siz omi odamni xursand qilmoqchi bo’lsangiz unga pul, sovg’a, kuch berishingiz yoki uni ko’kka ko’tarib maqtashingiz mumkin. Agar siz dono odamni xursand qilmoqchi bo’lsangiz – o’zingizni rivojlantiring. – Idris Shoh”
Vaziyatga rangli ko’z oynaklar bilan qarab, maqtovlar yog’dirib, kamchiliklarni berkitish Vatan uchun manfaatsiz ishdir. Prezident besh yil qarsak chalmaymiz, tanqidiy ruhda olib boramiz, deb turgan biz vaziyatda bu hol juda kulgili ko’rinadi tashqaridan. Zero, o’tgan asrda yashab ijod qilgan Ingliz va Hind yozuvchisi Idris Shohning gaplarini bugungi kunimizga juda ham taalluqli.

Siz va men yaxshi bilamizki, hozirgi Davlat tepasida turgan rahbarlar birinchi toifadagi odamlar emas. Tanqid bilan jamiyat yuksaladi, odam oldinga intiladi. Maqtov bilan emas.

[fblike]
Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!