Hayot va Mamot Masalasi

H
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Hayot va mamot masalasi yoxud “desant” va “snayper”larga murojaatnoma

Ismoil Gaspirinskiyning “Hayot va mamot masalasi” kitobini o’qiganlar ta’limning mamlakat va millat taraqqiyotidagi ahamiyatini chuqur anglashadi. Lekin, ta’lim va ma`rifatni davlat rivoji uchun kerakligini bilish uchun sizdan bu sohada biror bir kitob o’qish talab qilinmaydi.

Yaqin kunlar ichida talabalikka da’vogar 543 ming abiturient mamlakatimizdagi oliy ta`lim muassasalariga (OTM) imtihon topshirishadi. Bulardan 58 ming nafari talaba bo’lish baxtiga, nasib qilsa, erishadi.

Chiyabo’rilar va o’laksaxo’rlar

Avgust yaqinlashishi bilanoq, chiya bo’rilar va o’laksaxo’rlar ham inlaridan chiqishadi. Ular o’zlariga jarangdor nomlar qo’yib olishgan — “desant”, “parovoz”, “snayper” va hokazolar.

Ularning vazifalari oddiy. Chiyabo’rilar o’laksaxo’rlar uchun qulay vaziyat yaratadilar va barcha imkoniyatlarni ishga solishadi. Universitet va institutlar yaqinida wi-fi (simsiz aloqa tarmoqlari) zonalar tashkil qilish, rasmga oluvchi ruchka va boshqa texnikalar bilan o’laksaxo’rlarni ta’minlash, telefon aloqalari va shunga o’xshash barcha nayranglar — shu chiyabo’rilarning vazifasi. Tayyor o’ljani, ya’ni testni yechib berish esa bu — o’laksaxo’rlarning ishi. Imtihon kuni bularning ba`zilarining ishlari yurishadi, ba`zilariniki yo’q. Ba`zilarining qorni to’yadi, ba’zilari och qoladi.

Bizga nima?

Masalaning keng qamrovli ahamiyati bor. Bir repititor domla bilan suhbatlashganimda, ishlari yaxshi emasligini aytib nolib qoldi. O’ziga to’g’ri, vijdonli, bilimi yaxshi domla. Uning  obro’si tayyorlagan abiturientdan nechtasi o’qishga kirishi bilan belgilanadi. Afsuski, o’laksaxo’rlarning kasriga, bu domlaning talabalari imtihonlardan o’ta olmayapti. Ya’ni, yil davomida bergan bilim ko’chada qolib, o’laksaxo’rning mijozlari o’qishga qabul qilinyapti. Bu bir oddiy domlaning nuqtai nazari.

Endi esa undan ham dahshatroq masala turibdi. Bu o’sha testlarda qing’ir yo’llar bilan yordam berayotganlar, ya’ni o’laksaxo’rlarning Vatanimiz — Mustaqil O’zbekiston va millatimiz oyog’iga bolta urayotganlaridir. Sababi, bilimsiz o’qishga kirgan bolaning fanlarni o’zlashtira olmasligi va domlalarning “xizmatlarini bajarish” evaziga baho olishlari kundek ravshan masala. Kelajakda bunday chalasavod kadrlarning davlatimizning rivojlanish yo’lida yurgizayotgan siyosatiga g’ov bo’lishlari yoki uni sekinlashtirishlari tabiiy bir holatdir.

Shunday ekan, inson bo’laylik va insonlikka chaqiraylik. Buyuk va mustaqil O’zbekiston kelajagi faqat bilimli va vijdonli yoshlar qo’lida.

PS: Aytmoqchi bo’lgan boshqa masalalarni maqolaning 2-qismiga olib qo’ydim.

Xurshid Marazikov,

27-iyul, 2014.

Qo’qon.

Siz nima deb o'ylaysiz? Nimadir deng.
Sizga manzur bo'lgan bo'lsa, do'stlaringizga ham ulashing!

Fikrbank Facebookda

Oxirgi Maqolalar

Bo’limlar